Raqamni saqlagan holda mobil operatorni o‘zgartirish: u qanday ishlaydi?

Raqamlashtirish vazirligi 3 oktyabr kungi matbuot anjumanida O‘zbekistonda raqamni saqlagan holda uyali aloqa operatorini o‘zgartirish imkoniyati yo‘lga qo‘yilishini e’lon qilgandi.

Hozirda O‘zbekistondagi mobil operatorlar o‘rtasida raqamlarni uzatish tizimi – Mobile Number Portability (mnp.uz) sayti sinov tariqasida ochilgan, lekin tizim hozircha ishlamayapti. Raqamlashtirish vazirligining Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, tizim 24−27 oktyabr kunlari bo‘lib o‘tadigan “ICTWeek Uzbekistan 2023” haftaligida to‘liq taqdimot qilinadi.

Portaldagi ma’lumotlarga ko‘ra, raqamni saqlagan holda uyali aloqa operatorini o‘zgartirish 4 bosqichda amalga oshiriladi.

1. Abonent raqamini ko‘chirishga ariza beriladi

Abonent raqamini ko‘chirishga quyidagi usullar orqali ariza berish mumkin:

– mobil aloqa operatorlarining ofislarida ariza to‘ldirish orqali;

– yagona interaktiv davlat xizmatlari portali – my.gov.uz orqali.

2. Abonent raqamini ko‘chirish xizmati uchun haq to‘lash

Bir martalik to‘lov abonent o‘tayotgan operatorga to‘lanadi, to‘lov miqdori har bir mobil aloqa operatori tomonidan mustaqil belgilanadi.

3. Aloqa operatoridan yangi SIM-karta olish

Operator abonent arizasini qabul qiladi, u bilan yangi kelishuv tuzadi va abonentga vaqtinchalik raqamga ega yangi SIM-karta topshiradi. Vaqtinchalik raqam nazarda tutilgan operatorga biriktirilgan raqamlar to‘plamidan tanlab beriladi, yangi SIM-karta esa abonent tomonidan arizada ko‘rsatilgan tarif rejasiga ulangan bo‘ladi.

Kelishuv tuzilgan vaqtda vaqtinchalik raqamga ega SIM-karta faol bo‘ladi va abonent uning raqami faktga ko‘ra yangi operatorga o‘tkazilguniga qadar ham yangi aloqa operatori (resipient-operator) xizmatlaridan foydalanishi mumkin.

Raqamni yangi operatorga o‘tkazish arizasi rad qilinganda, abonent o‘ziga berilgan SIM-karta orqali resipient-operator xizmatlaridan foydalanishda davom etishi mumkin. Raqam yangi operatorga muvaffaqiyatli o‘tkazilganda, resipient-operator SIM-kartadagi vaqtinchalik raqamni abonent arizasida o‘tkazilishi lozim deb ko‘rsatilgan raqamga o‘zgartiradi. Raqamni boshqa mobil operatoriga ko‘chirish 8 ish soatidan ortiq bo‘lmagan vaqt talab qiladi.

4. Abonent raqamining muvaffaqqiyatli almashtirilgani haqida SMS'ni kutish

Yangi operator (resipient-operator) abonentni uning raqamini boshqa operatorga ko‘chirish jarayoni muvaffaqiyatli yakunlangani haqida operatori o‘zgartirilgan raqam SIM-kartasiga SMS yuborish orqali xabardor qiladi. Operator cheklanmagan sonda almashtirilishi mumkin, ammo dastlabki ko‘chirish vaqtidan kamida 30 kun o‘tgan bo‘lishi lozim.

MNP tizimi ishlash tartibi bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumotlar

O‘zbekiston hududida 5 ta mobil aloqa operatori GSM aloqa standarti bo‘yicha ish yuritmoqda: Beeline, Mobi.uz, Ucell, UzMobile, Humans. Agar mobil aloqa operatori o‘zgartirilsa, ko‘chirilgan raqamlar o‘z shaklini va to‘kisligini saqlab qoladi. Agar sizga CDMA mobil aloqa operatori xizmat ko‘rsatayotgan bo‘lsa, texnik imkoniyat yo‘qligi sababli aloqa operatori mobil raqamlarini ko‘chirolmaydi (Masalan, “Uztelecomʼning Uzmobile filiali, “Rubicon Wireless Communication” ITT MChJ – Perfectum).

MNP xizmatiga ega bo‘lish uchun jismoniy shaxs ko‘chirilayotgan raqamini ro‘yxatga olishda qo‘llangan shaxsni tasdiqlovchi hujjatni hamda yuridik shaxslar tashkilotning STIRini taqdim etadi.

Shuningdek, mobil aloqa operatori o‘zgartirilganda, ko‘rsatilayotgan xizmat sifati qoniqtirmasa, 30 kalendar kunidan so‘ng dastlabki yoki boshqa operatorga qayta o‘tish mumkin.

Mobil aloqa operatori o‘zgartirilsa, pul mablag‘larining balans saqlab qolish masalasi – tanlangan tarif, tariflarni o‘tkazish va boshqa xizmatlarga qarab turli xil bo‘ladi. Ko‘chirish vaqtida hisobda bo‘lgan mablag‘larni qaytarish uchun fuqarolar o‘z mobil aloqa operatori ofisiga ariza bilan murojaat qilishi kerak.

Raqamni ko‘chirish borasidagi ariza bir qancha sabablarga ko‘ra rad etilishi mumkin:

1-sabab: agar arizada ko‘rsatilgan ma’lumotlar oldingi operatordagi ma’lumotlarga (raqam, FISh, pasport ma’lumotlari) mos kelmasa, ariza rad etiladi. Yechim: oldingi operatorning sotuvlar va xizmatlar bo‘limiga murojaat qilib, undagi ma’lumotlarni to‘g‘rilash, so‘ng raqamni ko‘chirish arizasi qayta topshiriladi.

2-sabab: oldingi operator oldida qarzdorlik mavjud. Yechim: qarzdorlikni istalgan usulda so‘ndirish, so‘ng boshqa operatorga o‘tish arizasini uning ofislaridan birida takroran topshirish lozim.

3-sabab: raqam oxirgi marta ko‘chirilganidan keyin 30 kundan kam muddat o‘tgan bo‘lishi. Yechim: 30 kunlik muddat tugashini kutish va raqamni ko‘chirish bo‘yicha arizani takroran topshirish.

4-sabab: SIM-karta yo‘qolgani, sud qaroriga ko‘ra yoki oldingi mobil aloqa operatori xizmatlari uchun haq to‘lanmagani sababli raqam bloklangan bo‘lsa ariza rad etiladi. Yechim: operator ofisga murojaat qilib, raqamni blokdan ochish va ko‘chirish haqida takroran ariza berishi lozim.

Eslatib o‘tamiz, ayni vaqtda O‘zbekistonda raqamni saqlagan holda uyali aloqa operatorini o‘zgartirish tizimi rasman ishga tushmagan, saytda keltirilgan ko‘rsatmalar tavsiya o‘rnida xolos.

Raqamli texnologiyalar vazirligining ma’lum qilishicha, MNP xizmati allaqachon Yevropa Ittifoqining barcha mamlakatlarida, Singapur, AQSh, Kanada va qo‘shnilarimiz Qozog‘iston, Rossiya, Ozarboyjonda ham mavjud. Chet el aloqa bozorining tahlillariga ko‘ra, xizmat ishga tushganda so‘ng dastlabki 1-2 yil muddat ichida ko‘chirilgan raqamlar 5% ni tashkil qilishi mumkin. Bu xizmatning yo‘lga qo‘yilishi mobil aloqa operatorlari orasidagi raqobatni kuchaytirishga, natijada, xizmat ko‘rsatish sifatining oshishiga sabab bo‘lishi kutilmoqda.

O‘zbekistonda tizimni ishga tushirish uchun mas’ullar Raqamli texnologiyalar vazirligi hamda “O‘zbekiston telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish respublika markazi” DUK hisoblanadi. O‘zbekistonlik mutaxassislar bu borada Rossiya va Qozog‘iston tajribalarini o‘rganib qaytgan.

Ko'rishlar soni: 236